Etika qoidalari
“O’zbekistonda xorijiy tillar” elektron jurnalida material chop etish etikasi
“O’zbekistonda xorijiy tillar” nomli ilmiy-metodik elektron jurnal umumqabul qilingan axloq me’yorlari va ilmiy nashrlar standartlariga rioya etadi hamda saviyasiz maqolalarni chop etilishining oldini olish uchun barcha choralarni ko’radi. Jurnal Tahrir hay’ati o’z faoliyatida ilmiylik, xolislik, professionallik va betaraflik tamoyillariga amal qiladi. Mualliflar bilan aloqa adolatlilik, xushmuomalalik, xolislik, to’g’rilik va shaffoflik tamoyillari asosida olib boriladi.
Jurnal muharriri amal qilishi kerak bo’lgan tamoyillar
Muharrir o’z faoliyatida mualliflarning asarlarini e’lon qilish bo’yicha mas’uliyatni zimmasiga olgan holda, quyidagi asosiy tamoyillarga amal qiladi:
- Muharrir tahririyat etikasi standartlariga rioya etadi va uning buzilish holatlari oldini oladi.
- Jurnal muharriri maqolani chop etish bo’yicha qaror qabul qilishda shaxsan mas’uliyatni o’z zimmasiga oladi, uning asosida doimo ko’rilayotgan ishning haqiqiyligi va uning ilmiy ahamiyati yotadi. Muharrir tijoriy maqsadlarni o’z ichiga olmagan adolatli va betaraf qarorlar qabul qilish majburiyatini zimmasiga olib, maqolani xolisona taqrizdan o’tkazish jarayonini tashkillashtiradi. Maqolani chop etish bo’yicha qaror qabul qilishda muharrir boshqa muharrirlar va taqrizchilar fikrini inobatga oladi.
- Muharrir maqolani chop etish bo’yicha quyidagi asosiy mezonlarga tayangan holda qaror qabul qilishi lozim: qo’lyozmaning jurnal mavzusiga mosligi; maqola mavzusining dolzarbligi, yangiligi va ilmiy ahamiyati; bayonning aniqligi; natijalarning ishonchliligi va xulosalarning tugallanganligi. Tadqiqotning sifati va uning dolzarbligi maqolani chop etish uchun qaror qabul qilishga asos bo’ladi.
- Muharrir chop qilinadigan maqolalarning yuqori sifati va shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligini saqlash bo’yicha barcha choralarni ko’rishi lozim. Maqolaning mazmunidagi noaniqliklar, shuningdek grammatik, uslubiy xatolar mavjud bo’lsa, tahririyat ularni bartaraf etish yuzasidan barcha choralarni ko’rishni o’z zimmasiga oladi.
- Muharrir maqolani chop etish bo’yicha hal qiluvchi qarorni qabul qilishda taqrizchilarning tavsiyalarini inobatga oladi. Maqolaning chop qilinishi bo’yicha qaror qabul qilish to’liq tahrir hay’ati zimmasidadir.
- Muharrir maqolani qabul qilinishi yoki qilinmasligida o’z qarorini asoslab beradi.
- Muharrir taqriz qilinadigan maqola muallifiga o’z tadqiqot pozitsiyasini asoslab berishga imkon beradi.
- Muharrir bahslarni qo’llab-quvvatlaydi va opponentlar o’z fikrlarini bildirishlariga imkon beradi.
- Muharrir muallifining dini, irqi, diniy va jinsiy qarashlari, kelib chiqishi, fuqaroligi yoki siyosiy qarashlaridan qat’iy nazar qo’lyozmaning intellektual mohiyatiga baho beradi.
- Jurnal muharriri va tahririyat kengashi a’zolari muallif, taqrizchilar (ehtimoliy taqrizchilar)dan tashqari o’zgalarga qo’lyozma haqida ma’lumotlarni bermasliklari lozim.
- Muharrir maqolaning butunligini saqlaydi, mualliflarga zarur o’zgartirishlarni kiritgan holda maqolani adabiy tahrirdan o’tkazishga yordam beradi va ilmiy maqolalarga qo’yiladigan, tadqiqot va nashriy etika talablariga mos kelmaydigan maqolalarni rad etadi. Muharrir yuqorida ko’rsatilgan qoidalar buzilgan taqdirda maqolani qabul qilmaslik huquqiga ega.
- Ko’rib chiqish uchun taqdim etilgan maqolalardagi chop etilmagan ma’lumotlarni muallifning yozma ruxsatisiz shaxsiy tadqiqotlarda foydalanish mumkin emas. Taqriz yoki muallif bilan yozishmalar jarayonida olingan ma’lumot va g’oyalar sir saqlanib shaxsiy manfaat olish yo’lida foydalanmasligi lozim.
- Muharrirlar mualliflar, qo’lyozmaga bog’liq bo’lgan boshqa tashkilotlar bilan raqobat natijasida kelishmovchiliklar bo’lgan taqdirda qo’lyozmani ko’rib chiqishni rad etishlari mumkin.
Ilmiy maqola mualliflari amal qilishlari kerak bo’lgan tamoyillar
Muallif (yoki mualliflar jamoasi) ilmiy tadqiqotlar natijalarining yangiligi va ishonchliligi uchun birlamchi javobgar hisoblanishadi, shu bois ular quyidagi tamoyillarga amal qilishlari zarur:
- Mualliflar maqolada tavsiflangan tadqiqotning originalligini kafolatlashlari zarur. Boshqa mualliflarning ishi yoki so’zlari ishlatilsa, manbaga havolalar yoki iqtiboslar ko’rsatilishi shart. Juda ham ko’p iqtiboslar keltirish axloqqa zidligini unutmang, har qanday shakldagi plagiatga esa mutlaqo yo’l qo’yilmaydi.
- Mualliflar ilmiy izlanish natijalarining haqqoniyligiga javob berishadi. Oldindan xato qilingan yoki qalbakilashtirilgan fikrlar berish nojoizdir. Chop etilgan materiallarning mualliflari keltirilgan faktlar, iqtiboslar, statistik va boshqa ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun javobgardirlar.
- Taqdim etilgan ishning konsepsiyasi, loyihasi, bajarilishi yoki interpretatsiyasiga munosib hissa qo’shgan shaxslar maqola mualliflari soniga kiradi.
- O’zining lavozimi, mansabi yoki ma’lum bir ta’siri, shaxsiy munosabatlar yoki ma’lum to’lov evaziga mualliflar soniga qo’shilgan shaxslarni mualliflik huquqidan mahrum qilish zarur. Agarda tadqiqotning boshqa bosqichlarida qatnashgan shaxslar mavjud bo’lsa, ularning ism-shariflari maqola matnida tilga olinishi mumkin. Muallif barcha hammualiflar maqolaning oxirgi varianti bilan tanishib, uning chop etilishiga ruxsat berishganini tasdiqlashi lozim.
- Mualliflar noshirlarning, ya’ni maqola bittadan ortiq nashrda berilmaslik haqidagi talablarini bajarishlari kerak.
- Mualliflar o’z ishlarida topilgan xatolarning tezroq tuzalishi uchun muharrirlar bilan ishlashlari lozim.
- Muallif uchinchi shaxslarning xatolariga nisbatan tanqid yoki fikr bildiradigan bo’lsa, etika me’yorlariga rioya etishlari zarur.
Taqrizchi amal qilishi lozim bo’lgan tamoyillar
Taqrizchi mualliflik materiallarining ilmiy ekspertizasini amalga oshirib, uning faoliyati xolis bo’lib, quyidagi tamoyillarga rioya etishi zarur:
- Taqrizchi maqolalarni taqriz etishda taqriz muddatiga rioya etishi va berilgan baholarni sir saqlashi kerak. Qo’lyozmani taqrizlashga malakasi yetishmayotganligini yoki belgilangan muddatda ishni bajarishga vaqti yetishmayotganligini his qilgan taqrizchi bu haqda muharrirni ogohlantirishi va uni mazkur qo’lyozmani taqrizlashdan ozod etishni so’rashi mumkin.
- Taqrizchilar mualliflar, qo’lyozmaga bog’liq bo’lgan boshqa tashkilotlar bilan raqobat natijasida kelishmovchiliklar bo’lgan taqdirda qo’lyozmani taqrizlashni rad etishlari mumkin.
- Taqrizchi taqriz uchun olingan qo’lyozmani maxfiy hujjat sifatida ko’rib chiqishi lozim. Mazkur ishni muharrir vakolatiga ega bo’lmagan o’zga shaxslar bilan muhokama qilish, unga ko’rsatish mumkin emas.
- Taqrizchi maqolaning dolzarbligi, ilmiyligi, yangilik darajasi, nazariy va amaliy ahamiyati jurnal mavzusiga muvofiqligini ko’rib, chop etishga tavsiya etishi (etmasligi) mumkin.
- Taqrizchi xolis va betaraflik bilan maqolani baholashi lozim. Taqrizchi o’z fikrini manbalarga havola berib, aniq va asoslangan holda bayon etishi kerak.
- Taqrizchilar mavzuga oid va qo’lyozmaning adabiyotlar ro’yxatiga qo’shilmagan, nashr etilgan ahamiyatli ishlarni ajratib ko’rsatishi zarur. Ilgari chop etilgan har qanday faktga (kuzatuv, xulosa yoki argument), qo’lyozmada muvofiq adabiyot havolasi bo’lishi lozim. Taqrizchi muharrirning e’tiborini qo’lyozma va ilgari chop etilgan ishdagi har qanday o’xshashlik, aynanlikka qaratishi zarur.
Ko’rib chiqish uchun berilgan, ammo nashr etishga ruxsat berilmagan qo’lyozmadagi ma’lumotlarni muallifning yozma ruxsatisiz shaxsiy tadqiqotlarda foydalanish mumkin emas. Taqriz jarayonida olingan ma’lumot yoxud g’oya sir saqlanishi va shaxsiy manfaatga ega bo’lishda foydalanilmasligi lozim.